Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 36 yoshli V.F. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, bank kartasidan 680 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari nomaʼlum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi 23 yoshli I.K. sodir etgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan I.K. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (o‘g‘rilik qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I.K.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)