Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi “Tolibon”ning Afg‘onistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘ini cheklash yoki bloklash rejasidan xavotir bildirdi va harakatdan erkin maʼlumotga to‘sqinlik qiluvchi choralarni ko‘rishni to‘xtatishni so‘radi.
Yaqinda “Tolibon” aloqa va axborot texnologiyalari vaziri vazifasini bajaruvchi Najibulloh Haqqoniy TOLOnews telekanaliga bergan intervyusida harakat Afg‘onistonda Facebook’ka kirishni cheklash yoki butunlay bloklashni rejalashtirilayotganini aytgandi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi o‘z bayonotida “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng jurnalistlarni hibsga olgani, afg‘on xabarlari veb-saytlarini yopib qo‘ygani va xorijiy ommaviy axborot vositalariga kirishni cheklagani, biroq bu ommaviy axborot vositalarining Facebook sahifalariga kirish imkoni saqlanib qolganini aytdi.
“Tolibon”ning Facebook’ka kirishni cheklash yoki bloklash rejasi Afg‘onistondagi axborot erkinligiga navbatdagi zarba bo‘ladi”, — dedi Osiyodagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi koordinatori Beh Li Yi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalari, jumladan, Facebook ham Afg‘onistonda media sanoatining tanazzulga uchrashi va matbuot erkinligining bo‘g‘ilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishga yordam berdi.
Li Yining aytishicha, Facebook tarmog‘ini taqiqlash “Tolibon” tomonidan senzura kuchaytirilganini ko‘rsatadi.
Facebook Afg‘onistondagi yangiliklar va ma‘lumotlarni tarqatish uchun ommaviy axborot vositalari tomonidan keng qo‘llaniladigan eng mashhur ijtimoiy tarmoqlardan biridir.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasiga Facebook taqiqlanmasligini, lekin unga nisbatan cheklovlar qo‘llanilishini aytdi.
Izoh (0)