Koreys detektiv dramasi “Qizil iplar” (S Line) tomoshabin va tanqidchilar orasida tobora ommalashib bormoqda. Serial iyul oyida efirga chiqqan bo‘lsa-da, allaqachon ko‘plab muxlislar orttirdi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda.
Shou yozning eng muhim seriali nomiga da’vogarlik qilmoqda. Gap shundaki, uni nafaqat tomoshabinlar, balki tanqidchilar ham yuqori baholashmoqda. Xususan, IMDb’da “Qizil iplar”ning o‘rtacha reytingi 7,4 ballni tashkil etib, dastlabki to‘rtta qism 8,5 balldan yuqori baho oldi.
Loyihada Koreyaning eng mashhur aktyor va modellaridan biri Li Su Xek ishtirok etdi. Rejissyor An Ju Yen uni shaxsan bosh erkak rolini ijro etishga taklif qildi. Buning sababini u Lida personajni to‘liq aks ettirish uchun zarur bo‘lgan tashqi ko‘rinish va xarakter xususiyatlari mujassam ekanligida deb ko‘rsatdi. Bosh ayol rolini esa OH MY GIRL guruhi a’zosi, xonanda Arin ijro etadigan bo‘ldi.
Bosh qahramon Xyon-xip (Arin) — bolaligidan odamlarning boshi ustida qizil chiziqlarni ko‘radi. Bu chiziqlar bejiz paydo bo‘lmaydi — har bir chiziq bitta munosabatni anglatadi (keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu chiziqlar birga bo‘lgan odamlarni bir-biriga bog‘laydi). Qizcha bolaligida bu chiziqlarning ma’nosini tushunmagan, ammo o‘z rasmlarida odamlarning boshi ustiga iplar chizib qo‘yardi. Aynan shu tarzda onasi erining ko‘plab xiyonatlaridan xabar topadi va g‘azabdan uni pichoqlab o‘ldiradi, so‘ngra qochib ketadi. O‘shandan beri Xyon-xip yolg‘iz yashaydi, hatto kvartirasidan ham chiqmaydi, axlatni ham qo‘shnilari olib chiqib tashlashadi. Bu qizning yana bir g‘alati xususiyati borki, u qanchalik urinmasin, o‘z joniga qasd qila olmaydi.
Ammo u jinoyatning oldini oladi va o‘zining bu qobiliyati haqida boshqacha o‘ylay boshlaydi.
Xan Ji-uk (Li Su-xyok) jiyani Son-ani (Li In-sem) tarbiyalayotgan detektiv. Bu politsiyachining boshi ustidagi iplar soniga qarab, uning xotinboz ekanini tushunish mumkin. U ishiga jiddiy qaraydi, ammo shu bilan birga bevosita ish joyida, ayniqsa yaqinda turmushga chiqadigan hamkasbi bilan munosabat o‘rnatish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmaydi. Son-a maktabda shafqatsiz tajovuzga uchraydi, uyga ko‘kargan holda qaytadi va amakisidan pul so‘raydi. Biroq detektivning bunday arzimas narsalar bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q — ularning hududida manyak yolg‘iz ayollarni o‘ldirmoqda. U jinoyatchini ushlashi kerak.
Serial provokatsion g‘oya va kutilmagan qahramonlar bilan boshlanib, voqealar rivoji asta-sekin g‘alati jinoyat va undan-da g‘alati guvoh tomon yo‘naladi.
“Qizil iplar” Janubiy Koreyaning raqamli komiksi — shu nomdagi vebtunning ekranlashtirilgan talqinidir. Uni 2011-yilda Kkomabi taxallusi ostidagi muallif e’lon qilgan. Fantastik unsurlarga ega bo‘lishiga qaramay, asar jiddiy mavzularni ko‘taradi: shaxsiy chegaralar, boshqalarning shaxsiy hayotiga aralashish oqibatlari, yolg‘izlik va tanlov masalalari.
Mavsumda jami olti qism mavjud bo‘lib, yakuniy seriya 25-iyulga mo‘ljallangan.
Izoh (0)