Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Aleksandr Pavlyuk vatandoshlarini safarbarlikdan qochmaslikka chaqirmoqda.
Pavlyuk 8-aprel kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida vatandoshlarini harbiy komissarlarga nisbatan dushmanlikni chetga surishlarini so‘rab, armiya xizmatiga chorlagan.
Qanchalik yordam olsak ham, qancha qurol-yarog‘imiz bo‘lmasin, odamlarimiz yetishmayapti! Uskunalar o‘z-o‘zidan harakat qilmaydi, qurol o‘z-o‘zidan otmaydi va dron o‘z-o‘zidan uchmaydi. Bo‘linmalar yangilanishi kerak, — deb yozadi general Pavlyuk.
U Rossiyaning “ko‘plab ukrainaliklar ‘safarbar qilish — adolatsizlik va huquqlarning buzilishi’ degan fikrda” qabilidagi propagandasini qoralagan.
Men odamlarning tinch hayot kechirish, sayohat qilish, karyera qurish istagini tushunaman. Ammo obyektiv haqiqat bor: Rossiya faqat kuch tilini tushunadi. Biz uni (Rossiyani) yurtimizdan chiqarib yuborishimiz kerak. Agar biz buni amalga oshirmasak, tinch hayot, huquq va erkinliklar umuman bo‘lmaydi, — qo‘shimcha qilgan qo‘mondon.
Ukraina armiyasi qo‘mondoni, shuningdek, armiya askarlarni tayyorlash uchun mustahkam tizimni o‘rnatganini va bir oylik mashg‘ulotlarsiz hech kim frontga yuborilmasligini ta’kidlagan.
Izoh (0)