Farg‘ona viloyatining Quva tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida yangi tug‘ilgan chaqaloq polisintetik xaltaga solinib, yerga tashlab qo‘yilgani aks etgan videotasvir tarqalgandi. SSV holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, 2005-yil Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan D.U. 2024-yil 31-mart kuni Quva tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga “Homiladorlik-1, tug‘uruq-1, 28 hafta, erta tug‘ish xavfi” tashxisi bilan murojaat qilgan.
Bemor homiladorlik bilan Toshloq tumanida dispanser nazoratida turmagan va homilani yashirib yurgan. Tug‘uruq 1-aprel kuni soat 08:45 larda amalga oshirilgan. Shu kuni soat 17:00 larda esa chaqaloqning ahvoli og‘irlashib, unda biologik o‘lim holati kuzatilgan. Uning o‘limiga muddatidan oldin (7 oylik) tug‘ilgani sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, mavjud vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritish maqsadida tegishli ishchi guruh Farg‘ona viloyatiga yuborildi.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.