NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina uchun NATOning maxsus missiyasini tuzishni va alyansning Kiyevga besh yil muddatga 100 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishga kelishishni taklif qilmoqda. Bu haqda tegishli manbalarga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Mazkur rejalar NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlarining 3—4-aprel kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida muhokama qilinadi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha yakuniy qaror iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga qadar qabul qilinmaydi.
Ukraina bo‘yicha NATO missiyasi tashkil etilsa, uning asosiy vazifasi Ukraina harbiylarini qurol-yarog‘ bilan taʼminlash va o‘qitishni muvofiqlashtirish bo‘lishi kutilmoqda.
Yens Stoltenbergning g‘oyasi NATOning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini umumiy darajaga olib chiqish, Donald Trampning Oq uyga qaytishi ehtimolini hisobga olgan holda uni alohida a’zo mamlakatlardagi siyosiy vaziyatdan mustaqil qilish, — deydi dpa nashri.
NATO davlatlari tomonidan Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun 100 milliard yevrolik jamg‘arma yaratish istiqboli ochiqligicha qolmoqda.
Izoh (0)