Yevropa parlamenti sunʼiy intellekt (AI) to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladi, unga ko‘ra, qonun xavfsizlik va fuqarolarning asosiy huquqlariga hurmatni taʼminlashi, shu bilan birga innovatsiyalarni rag‘batlantirishi kerak.
2023-yil dekabrida Yevroparlament va Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida kelishilgan tegishli rezolyutsiya Strasburgdagi yalpi majlisda 523 ovoz bilan maʼqullangan. 46 kishi qarshi ovoz berdi, 49 kishi betaraf qoldi.
“Nihoyat biz xavflarni kamaytirish, imkoniyatlar yaratish, kamsitishlarga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha dunyodagi birinchi AI bo‘yicha qonunga ega bo‘ldik. Qabul qilib bo‘lmaydigan sun’iy intellekt amaliyotlari Yevropada taqiqlanadi, ishchilar va fuqarolarning huquqlari himoya qilinadi”, — dedi italiyalik deputat Brando Benifei.
Yevroparlamentda taʼkidlanganidek, reglamentning maqsadi “asosiy huquqlar, demokratiya, qonun ustuvorligi va ekologik barqarorlikni yuqori xavfli sunʼiy intellektdan himoya qilish, shuningdek, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va Yevropani bu borada yetakchi o‘ringa qo‘yishdan iborat”.
Yangi qoidalar “fuqarolar huquqlariga tahdid soluvchi ayrim sun’iy intellekt ilovalarini, jumladan nozik belgilarga asoslangan biometrik toifalash tizimlarini, shuningdek, yuzni tanish ma’lumotlar bazalarini yaratish uchun internet yoki videokuzatuv kameralaridan yuz tasvirlarini noto‘g‘ri olish”ni taqiqlaydi.
Yangi qonunga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan biometrik identifikatsiya tizimlaridan foydalanish prinsipial jihatdan taqiqlanadi (tor doirada belgilangan holatlar bundan mustasno).
Bunday “real vaqtda” foydalanish faqat vaqt va geografik qamrov cheklovlari kabi qat’iy xavfsizlik choralari ostida amalga oshirilishi mumkin va “muayyan sud yoki ma‘muriy ruxsatnomani talab qiladi”.
Boshqa yuqori xavfli sun’iy intellekt tizimlari uchun ularning salomatlik, xavfsizlik, asosiy huquqlar, atrof-muhit, demokratiya va qonun ustuvorligiga jiddiy potensial zarar yetkazishi sababli aniq majburiyatlar nazarda tutilgan.
Yevropa parlamenti kommyunikesida muhim infratuzilma, ta’lim va o‘qitish, bandlik, sog‘liqni saqlash va bank ishi, huquqni muhofaza qilish tizimining ayrim tizimlari, migratsiya va chegaralarni boshqarish, adliya va demokratik jarayonlar kabi muhim xususiy va davlat xizmatlari AI tizimlaridan foydalanish mumkin bo‘lgan sohalar misol sifatida keltirilgan.
Qonun, texnik tushuntirishlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan rasman qabul qilinishi kerak. U Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan keyin yigirma kun o‘tgach kuchga kiradi va kuchga kirganidan keyin 24 oy o‘tgach, ba’zi istisnolar bilan to‘liq qo‘llaniladi.
Izoh (0)