Litvada noma’lum shaxs korrupsiyaga qarshi kurash fondi sobiq raisi, marhum Aleksey Navalniyning sherigi Leonid Volkovga hujum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Jabrlanuvchining aytishicha, uning oyoqlari va qo‘llariga bolg‘a bilan zarba berishgan. Ma’lumotni Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish ham tasdiqlagan.
“Leonid Volkovga hozirgina uyi yaqinida hujum qilishdi. Uning mashinasining oynasini sindirishgan va ko‘ziga yosh oqizuvchi gaz sepishgan, shundan so‘ng noma’lum shaxs Leonidni bolg‘a bilan ura boshlagan. Hozir Leonid uyida, politsiya va tez yordam kelmoqda”, — deb yozgan Yarmish X ijtimoiy tarmog‘ida.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Jdanov bu xabarni tasdiqlagan. Volkovning o‘zi ham hodisaga munosabat bildirgan.
“Bir kishi uyimning oldida bolg‘a bilan oyog‘imga 15 marta urdi. Oyoq butunligicha qoldi — yurish og‘riqli, lekin sinish yo‘qligini aytishdi, ammo qo‘limni sindirishdi. Hozircha hech qanday izoh berishga tayyor emasman”, — dedi u.
Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielius Gandsbergis ham voqeaga izoh berdi.
“Leonidga qilingan hujum haqidagi xabar hayratlanarli. Tegishli organlar ish boshladi. Jinoyatchilar o‘z jinoyatlari uchun javob berishlari kerak”, — dedi Gandsbergis.
Izoh (0)