Qohirada G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangani sababli yana uch kunga uzaytirildi, deb yozadi Misr rasmiy nashriga tayanib, The New York Times.
NYT suhbatdoshlaridan birining aytishicha, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy masala isroillik asirlar evaziga ozod qilinadigan falastinliklar soni bilan bog‘liq. Uchrashuvning birinchi kunida Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns va Isroil razvedka xizmati rahbari Devid Barnea muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Misr va Qatarning yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashdi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bir garov evaziga uchta falastinlik mahbusni ozod qilishga tayyorligini e’lon qildi - xuddi shu sxema 2023-yil noyabridagi kelishuv paytida ham amal qilgan. Axios nashrning yozishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden telefon suhbatida Isroil bosh vazirini mazkur kelishuvga erishish uchun moslashuvchanlikni namoyon etishga va ko‘proq mahbuslarni ozod qilishga chaqirgan.
Fevral oyi boshida Parijda Isroil, Misr, Qatar va Qo‘shma Shtatlar vakillari bir necha bosqichlarni o‘z ichiga olgan, falastinlik hamda isroillik garovga olinganlarni o‘zaro almashish va urushni tugatish majburiyatlarisiz uzoq muddatli sulh bo‘yicha kelishib oldi. Bitimning yakuniy loyihasi Qohiradagi uchrashuvda shakllantirilishi rejalashtirilgan edi.
Izoh (0)