Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda 2023-yili 500 ta “til egalari” ish boshlagani o‘z samarasini berayotgani qayd etildi. Bu amaliyotni kengaytirish uchun “til egalari”ni barcha maktablarga jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.
Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy etiladi.
Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy taʼlimga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi. Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga topshiriladi. Ularga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi.
O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga malaka sertifikati beriladi.
“Maqsadimiz — maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”, — dedi prezident.
Avvalroq davlat rahbari 1—11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarning yarmi ham B1 darajaga ega bo‘la olmayotgani haqida gapirgandi. 2024-yilda Prezident maktablari taʼlim dasturi yana mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga masʼul bo‘ladi.
Izoh (0)