Namibiya prezidenti Xage Geyngob 4-fevral kuni 82 yoshida kasalxonada vafot etdi. Bu haqda vitse-prezident Nangolo Mbumba xabar berdi.
“Bugun, 4-fevral, yakshanba kuni taxminan soat 00:04 larda Lady Pohamba kasalxonasida davolanayotgan Namibiya Respublikasi prezidenti, sevimli doktorimiz Xage Geyngob vafot etganini chuqur qayg‘u va afsus bilan ma’lum qilamiz”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi prezident ofisi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
The Namibian gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, prezident so‘nggi oylarda saraton kasalligi bilan kurashgan. 25-yanvar kuni u AQSHga davolanish uchun borgan, biroq ikki kunlik davolanishdan so‘ng qaytib kelgan.
Xage Geyngob 2015-yil mart oyida Namibiya prezidenti bo‘lgan va 2019-yilda qayta saylangan. Shuningdek, u ikki marta — 1990-yildan 2002-yilgacha va 2012-yildan 2015-yilgacha mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlagan.
Izoh (0)