Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaydi, Isroil esa o‘zaro kelishuvga erishishga “hali tayyor emas”, dedi harakatning siyosiy byurosi a’zosi Usama Hamdan Sky News Arabia telekanaliga bergan intervyusida.
“Biz vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga rozi bo‘lmaymiz. Isroil tomoni hamon bizning talablarimizni chetlab o‘tmoqda va o‘zaro tushunishga erishmoqchi emas”, — deya Hamdanning so‘zlarini keltiradi telekanal.
Harakat siyosiy byurosi a’zosining qo‘shimcha qilishicha, Isroil bilan har qanday kelishuv xalqaro va mintaqaviy kafolatlarga ega bo‘lishi kerak.
Avvalroq Isroil HAMASga G‘azo sektorida garovga olingan barcha odamlarni ozod qilish evaziga ikki oylik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh taklif etgani xabar qilingandi.
Kelishuv barcha tirik qolgan asirlarni ozod qilishni, o‘lganlarning jasadlarini bir necha bosqichda qaytarishni o‘z ichiga oladi, deyilgandi Axios saytida e’lon qilingan materialda.
Izoh (0)