Rossiya Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat – “Tolibon”ga hukmron tuzilmalarga boshqa siyosiy kuchlarni ham taklif qilishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya diplomatiyasining 2023-yildagi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi “Tolibon” bilan aloqalarni to‘xtatmayapti, jumladan, ular to‘liq tan olingan hukumatga aylanishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar bo‘yicha ham doimiy aloqada.
“Bu, birinchi navbatda, o‘z vaʼdalarining bajarilishi, ulardan asosiysi – inklyuziv hukumatni yaratish. Unda nafaqat etnik pushtunlar, balki boshqa barcha etnik guruhlar vakillari ham bo‘ladi. Balki siyosiy inklyuzivlik ham bo‘lar. (Hozir ham) pushtunlar, o‘zbeklar, tojiklar, hazoralar bor, lekin siyosiy jihatdan ular toliblar hisoblanadi. Biz “Tolibon”ga boshqa siyosiy kuchlarni ham hukmron tuzilmaga taklif qilishni faol tavsiya qilamiz”, — dedi Lavrov.
Hozircha hech bir hukumat yoki davlat “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olmagan. Xalqaro hamjamiyat “Tolibon”dan inson huquqlariga mos ijobiy qadamlar kutmoqda. Avvalroq “Tolibon” harakati BMTga tashkilotdagi afg‘on vakilining o‘rnini berishni so‘rab murojaat qilgandi.
Shu kungacha BMTda Afg‘onistonning ikki yildan ko‘proq vaqt oldin ag‘darilgan hukumati tomonidan tayinlangan diplomatlar shtabi vakillik qilib keladi.
Izoh (0)