Shimoliy Koreya boshqariladigan kallakka ega o‘rta masofaga mo‘ljallangan gipertovushli ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi, deb xabar bermoqda KCNA Shimoliy Koreya davlat agentligi.
“Sinov uchirish o‘rta masofaga mo‘ljallangan gipertovushli boshqariladigan jangovar kallakning sirpanish va manyovr parvoz xususiyatlarini hamda yangi ko‘p bosqichli og‘ir yuk ko‘taruvchi qattiq yoqilg‘i reaktiv dvigatellarining ishonchliligini tasdiqlashga qaratilgan”, — deyiladi KCNA tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.
Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabar berishicha, raketa KXDR hududidan Yapon dengizi tomon uchirilgan, ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tib, dengizga qulagan.
Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi KXDR tomonidan o‘tkazilgan sinovlarni qoralab, Shimoliy Koreyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri provokatsiyalariga tegishli javob berilishini ta’kidladi, deb yozadi Reuters.
Agentlik qayd etishicha, raketa sinovlari Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Chve Son Xi boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Moskvaga borgan kuni amalga oshirilgan.
Shimoliy Koreya va Rossiya rus qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini fonida ikki tomonlama, jumladan, qurol-yarog‘ sohasidagi hamkorlikni mustahkamladi. Xususan, G‘arb manbalari KXDR Rossiyaga Ukrainadagi janglarda foydalanish uchun o‘q-dorilar yetkazib berayotganini da’vo qilmoqda.
Shimoliy Koreya 2021-yilda gipertovushli qurollarning birinchi sinovlarini e’lon qilgandi.
Izoh (0)