G‘azo sektoridagi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush Ukrainaga G‘arb davlatlarining qurol-yarog‘ bilan yordam berishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bu fikrni Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar turk OAVlariga bergan intervyusida bildirdi.
“Xalqaro ommaviy axborot vositalari bor e’tiborlarini Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga qaratdi, shundan kelib chiqib Ukrainadagi urush tugagan deb hisoblaydiganlar ham bor”, — dedi diplomat.
Elchining qayd etishicha, Ukrainaga berilishi rejalashtirilgan qurollar Isroilga yuborilmoqda. Ukrainaga yordam ko‘rsatishga salbiy ta’sir qiluvchi omil esa G‘arb mamlakatlaridagi ichki siyosiy dinamikadir.
Bunday dinamikaga misol sifatida u AQSHda bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari, Vengriya va Slovakiya hukumatlarining pozitsiyasini, shuningdek, Polsha chegarasida fermerlar tomonidan Ukraina yuk mashinalarining to‘sib qo‘yilganini keltirdi.
Bundan tashqari, elchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ukraina bilan emas, G‘arb va NATO bilan urushyapmiz, deb hisoblamoqda. G‘arb davlatlarida Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha turli g‘oyalar mavjudligidan Kiyev xabardor ekanini ta’kidlagan diplomat Ukraina qurol ishlab chiqarish salohiyatini oshirishni aynan shu sababdan boshlaganini aytdi.
Izoh (0)