“Tolibon” Sanoat va savdo vazirligi Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi 2023-yilda oshganini ma’lum qildi. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.
“Tolibon” Sanoat va savdo vazirligi matbuot kotibi Oxundzoda Abdulsalom Javadning aytishicha, o‘tgan yili Afg‘oniston O‘zbekiston bilan 266 million dollarlik savdo aylanmasini amalga oshirgan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 44 million dollar edi. Afg‘onistonning eksporti o‘tgan yili 27 million dollarni tashkil qilgan.
“2023-yilda O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo aloqalari doirasida 27 million dollarlik eksport, 239 million dollarlik import qilindi. O‘zbekistonga eksport qilinadigan mahsulotlarimizning asosiy qismini quritilgan mevalar, meva sharbatlari, o‘rik, kunjut, gilamlar, import qilinadigan mahsulotlarning asosiy qismini elektr energiyasi, un, loviya, kimyoviy o‘g‘itlar, neft va gaz tashkil etadi”, — dedi u.
“Tolibon” Savdo va sarmoya palatasi Afg‘onistonning mintaqa davlatlari bilan savdo aloqalarini oshirish uchun O‘zbekiston orqali Xitoyga ulanish rejasi borligini ta’kidlamoqda.
Savdo-sanoat va investitsiya palatasi direktorlar kengashi rahbari Mirvis Hotakning aytishicha, toliblar Rossiya va Yevropa bilan ham bog‘lanish niyatida.
Ayni paytda afg‘onistonlik tadbirkorlar “Tolibon” hukumatidan biznes vizasini berish va bank muammolarini hal qilishni so‘ramoqda. Ulardan biri Zalmi Azimiyning aytishicha, afg‘on tadbirkorlari viza muammosi sabab boshqa davlatlarga bora olmayapti, bu masala bilan “Tolibon” hukumati shug‘ullanishi kerak.
Avvalroq “Tolibon” harakati sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy O‘zbekiston bilan savdo hajmini yiliga uch milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytgandi.
Izoh (0)