O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulligi diplomatlari ko‘magida ushbu shaharda nomaʼlum jinoiy to‘da tomonidan garovda ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarosi J.T. qutqarildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatning Bosh konsulligiga jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari orqali yo‘llangan murojaatga ko‘ra, fuqaro J.T. bir guruh shaxslar tomonidan Dubay shahridagi nomaʼlum manzilda majburiy tarzda ushlab turilgan. Jinoyatchilar undan jami 200 ming dollar pul talab qilgan. Ushbu mablag‘lar aytilgan vaqtda va manzilga keltirilmagan taqdirda J.T.ning joniga qasd qilish bilan qo‘rqitib kelingan.
Bosh konsulxona xodimlari va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbir natijasida J.T. ushlab turilgan manzil aniqlangan va ozodlikka chiqarilgan.
Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruh aʼzolarining aksariyati BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan ushlangan va ularga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avgust o‘rtalarida Malayziyaga ishga borib, odam savdosi qurboniga aylangan 24 yoshli o‘zbekistonlik N.E.ga vatanga qaytishida O‘zbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan edi.
Izoh (0)