O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi ko‘magida murakkab ahvolga tushib qolgan mamlakat fuqarosi Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasidan vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 10-oktyabr kuni Vladivostokdagi “Parus nadejdi” maxsus sotsiallashtirish markazi xodimlari Bosh konsullikka murojaat qilib, 2006-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi O.K. qonuniy vakillarisiz hamda Rossiya qonunchiligini buzgan holda Rossiyaning Primorskiy o‘lkasida bo‘lib turgani va mazkur muassasada saqlanayotganini bildirgan.
Shu bois o‘zbekistonlik diplomatlar markaz rahbariyati bilan muzokaralar olib borishi natijasida13-oktyabr kuni O.K. tog‘asi hamrohligida Qirg‘izistonga, so‘ngra chegara posti orqali Andijon viloyatiga o‘tkazilishi taʼminlangani holda ota-onasining huzuriga yetkazilgan.
Bundan oldin Rossiyaga ishlash uchun borib, vafot etgan ayolning 9 yoshli qizi O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Misrda avtohalokatga uchrab, og‘ir tan jarohati olgan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytarilgan, Rossiyada eri qamalib, chaqalog‘i bilan qiyin ahvolda qolgan ayolga yordam ko‘rsatilgan edi.
Izoh (0)