Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent, Andijon va Navoiy viloyatlarida noqonuniy yer savdolariga chek qo‘yildi.
Xususan, Yunusobod tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 46 yoshli shaxs Ohangaron tumanida “Ilg‘or” MFY hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 10 gektar yer maydonini prezident farmoni bilan tasdiqlangan,“O‘zbekiston-2030” strategiyasining 67-bandi ijrosi doirasida 10 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga tadbirkordan 80 ming dollar olganida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u mazkur mablag‘dan 15 ming dollarni Ohangaron tumani “Ilg‘or” MFYdagi hokim yordamchisiga berishi kerakligi aniqlanib, ushbu mansabdor shaxs ham so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi, muqaddam uch marotaba sudlangan 33 yoshli shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli yer maydonidan 15 sotixi o‘ziga tegishli ekanini aytgan. U yer maydoniga nisbatan rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarni ko‘rsatib, kelgusida mazkur yer maydoniga noturar joy sifatida hujjatlar tayyorlab, uning nomida rasmiylashtirib berish evaziga 65 ming dollar talab qilgan.
DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan department xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u so‘ralgan puldan 60 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda Karmana tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari mazkur jamiyatga qarashli 2,2 gektar yer maydonini xaridorga 490 million so‘mga sotishga kelishgan. U mansabdor tanishlari yordamida ushbu yer maydonida uylar qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 15 ming dollar talab qiladi.
DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari 15 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Buxoro shahri “Abu Ali ibn Sino” MFY hokim yordamchisi kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Yangiyo‘l tumani hokimi mahallalardagi 6 nafar yordamchisini jazolagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)