Bojxona qo‘mitasi bojxonachilarga formali kiyim-boshlar yetkazib berish bo‘yicha tanlov (tender) o‘tkazdi. Tenderda ta’sischisi bir kishi ekani gumonlanayotgan ikki MCHJ ishtirok etib, 8-dekabr, dam olish kuni tender g‘olibi aniqlandi. Bu haqda Telegram’dagi “Revizor” kanali xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, tenderda Leyla stile va “Kreativ” MCHJlar ishtirok etib, bojxonachilar formasini yetkazib berish bo‘yicha 1 milliard 600 million 704 ming so‘m narx taklif qilgan Leyla stile MCHJ g‘olib deb topilgan.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, tenderda o‘zaro kurashib g‘olib va mag‘lub deb topilgan ikki kompaniya bir-biriga bog‘liq. Leyla stile MCHJning ta’sischilaridan biri Burnasheva Irada Ildarovna muqaddam “Kreativ” MCHJ rahbari va yagona ta’sischisi bo‘lgan. Shuningdek, Leyla stile MCHJ joylashgan manzil — Yuzrobod ko‘chasi 1-2-uyda “Kreativ” MCHJ ham faoliyat yuritgan. “Kreativ” MCHJning elektron pochta manzili sifatida burnashevairada@gmail.com ko‘rsatilgan, — deyiladi bu haqdagi xabarda.
Kanal muallifining qo‘shimcha qilishicha, tender g‘olibi 2023-yil 8-dekabr, dam olish kuni aniqlangan.
Avvalroq Toshkent viloyati Ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi tomonidan boshlang‘ich qiymati 500 million so‘mlik shubhali tender o‘tkazilib, ko‘p o‘tmay bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)