O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida 20-dekabrdan qishki o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat oliy taʼlim muassasalariaro faqat quyidagi ikkita uzrli sabab asosida qishda o‘qishni ko‘chirish mumkin:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish istagidagilarga;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga (tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi asosida).
Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar 20-yanvargacha taqdim etiladi:
- o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza;
- talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
- pasport nusxasi;
- yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
Bunda ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017-yildagi 393-son qaroriga muvofiq, 15-iyulda ham OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari boshlangan edi.
Izoh (0)