Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida 20-dekabr kuni yo‘lovchi avtobusi yonib ketdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi.
Keltirilishicha, ushbu avtobus 2008-yil ishlab chiqarilgan. Soat 20:00 da 5-avtobus saroyi tasarrufidagi Mercedes-Benz rusumli 151-sonli avtobus kimyo instituti binosi qarshisida harakatlanayotgan vaqtda yuqori bosimli havo quvurining yorilishi natijasida qisqa tutashuv yuzaga kelgan. Haydovchi tomonidan tutunni o‘chirish uchun dastlabki choralar ko‘rilishiga qaramay, qisqa tutashuv alangaga aylangan.
Shundan so‘ng voqea joyiga FVV yong‘in qutqaruv bo‘linmasi tezkor guruhi chaqirilib, yong‘in qisqa vaqtda bartaraf etilgan. Mazkur hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q, avtobusning dvigatel qismiga zarar yetgan.
Hozirda “Toshshahartransxizmat”ning ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
Izoh (0)