Sidney politsiyasi xodimlari xususiy mulkka noqonuniy kirish haqidagi chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga borib, biryo‘la bir nechta jinoyatlarni fosh etdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Ular kvartiralardan birida narxi 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 722 kg kokain topdi.
Qo‘ng‘iroq dushanba kuni ertalab Sidney shimolidagi ko'p qavatli uydan kelgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya atrofni va binoning o‘zini tekshirdi. Ular yerosti avtoturargohda ichida to‘rt nafar yigit bo‘lgan Toyota Yaris mashinasini topdi. Politsiyaga ular shubhali ko‘rindi, chunki yigitlarning to'rtovi ham qora kiyim va niqobda edi.
Mashinani ko‘zdan kechirish chog‘ida eshiklarni ochish uchun asboblar, bir nechta pichoqlar, fonarlar, plastik bog‘ichlar topildi — bu to‘plam odatda o‘g‘rilik yoki bosqinchilik paytida qo‘llanadi.
O‘sha kuni politsiya mazkur to‘rt kishi kimni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganini aniqladi va taxmin qilingan qurbon bilan hammasi joyida yoki yo'qligini tekshirish uchun o‘sha uyga bordi. Biroq 24 yoshli yigit politsiyachilarni ko‘rib, qochishga urinib, balkondan sakragan. Lekin u qo‘lga olindi. Yigitning kvartirasidagi tintuv chog‘ida politsiyachilar 722 kg kokain topdilar. Bu Sidney politsiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan eng yirik kokain partiyasi bo‘lib, uning narxi 1 milliard dollarni tashkil qilishi aytilmoqda.
Barcha besh kishining shaxsi aniqlangan. 19 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar yigitga qurolli talonchilikka urinish, o‘g‘rilik qurollarini saqlash, jinoiy guruhda ishtirok etish va boshqa moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ularning qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgan yigitga esa taqiqlangan giyohvand moddani yetkazib berish va jinoyatdan olingan daromadlarni ongli ravishda ishlatish aybi qo‘yilgan.
Izoh (0)