Ijtimoiy tarmoqlarda “Chirchiq shahar IIB hibsxonasida fuqaro joniga qasd qildi” izohi bilan xabar tarqaldi. Viloyat IIBB holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Xabarga ko‘ra, fuqaro, 2001-yilda tug‘ilgan A.O‘. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli residivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.
Tergov davomida, A.O‘. muqaddam ham Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Joriy yilning 1-dekabr kuni soat tungi 02:30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi, bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)