Toshkent shahar hokimligi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi “Ajdodlar xotirasi” memorialiga o‘tish yo‘li to‘silgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini ekspluatatsiya qilish va saqlash direksiyasi qorovuli tomonidan go‘yoki bosh vazirning topshirig‘iga asosan aholi “Ajdodlar xotirasi” memorialiga yaqinlashtirmasligi bo‘yicha aytilgan gaplar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Ayni paytda hokimlik tomonidan videoda aks etgan xodimlar faoliyati ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, poytaxt aholisi va mehmonlariga “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borish, undagi “Ajdodlar xotirasi” memorialiga yaqinlashish va uni tomosha qilishda hech qanday to‘sqinliklar yo‘q.
O‘z navbatida, ayni paytda bog‘ hududida kirib kelayotgan yangi yilni munosib kutib olish, xalqimizga bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Yangi yil kompozitsiyasini barpo etish ishlari boshlanganini bildiramiz, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining poytaxtga tutash qismida Qibray tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i 2021-yil 31-avgust kuni ochilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bog‘ va monumentning tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, nutq so‘zlagandi.
Izoh (0)