Finlyandiya hukumati 30-noyabrdan 13-dekabrgacha Rossiya bilan barcha quruqlikdagi chegara o‘tish punktlarini butunlay yopishga qaror qildi. Bu haqda bosh vazir Petteri Orpoga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xelsinki nazorat-o‘tkazish punktining qisqa muddatga va to‘liq yopilishi Rossiya hududidan Finlyandiyaga migratsiya oqimi muammosini hal qilishda samarali bo‘ladi.
“Maqsad — Rossiya bilan chegaradagi vaziyatni imkon qadar tezroq normallashtirish”, — dedi u.
18-noyabr kuni Finlyandiya 18-fevralgacha Rossiya bilan to‘rtta chegara nazorat punktlarini yopib qo‘ydi. Hukumat migrantlar oqimi tufayli 23-dekabrgacha yana uchta nazorat-o‘tkazish punktini yopishga qaror qildi va faqat bitta Raya-Yooseppi punktini ochiq qoldirdi.
Finlyandiya Rossiya bilan chegaradagi vaziyatni muhokama qilish niyatida emasligini, biroq Xelsinkida ular diplomatik darajadagi muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi.
Izoh (0)