Prezidentning tegishli qarori bilan Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etildi. “Daryo” manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Voitovning nima sababdan lavozimdan olingani va qaysi lavozimga tayinlangani hozircha noma’lum.
Aziz Voitov 1980-yilda tug‘ilgan, Toshkent moliya institutini “Soliq va soliqqa tortish” mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan (2001) hamda Oliy ishbilarmonlik maktabida “Biznes boshqaruvi” bo‘yicha tahsil olgan (2010).
Voitov o‘z vaqtida “O‘zbekiston sanoat-qurilish banki” ATB boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2020-yil martidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan, 2022-yil avgust oyidan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat hokimi matbuot kotibi Behzod Qobulov ushbu xabarlarni rad etdi.
“Bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev ayni paytda o‘z ishini davom ettirmoqda va kun tartibiga muvofiq, belgilangan vazifalar, chora-tadbirlar ijrosi bilan band”, — dedi u.
Izoh (0)