Buxoro viloyatida mansabdorlar ichimlik suvidan noqonuniy foydalanib, 3,2 milliard so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda “O‘zsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Buxoro qurilish mollari savdo markazi” MCHJga qarashli bozor hududida ichimlik suvidan jami 15,2 million so‘mlik qarzdorligi yuzasidan “Buxoro suv taʼminot” MCHJ Buxoro shahar filiali xodimlari tomonidan 25.04.2023-yilda suv yetkazib berish to‘xtatilib, hisoblagichdan oldindagi suv tutgichi muhrlab yopilgan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Biroq “Buxoro qurilish mollari savdo markazi” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan suv tutgich muhri buzilib, bozor hududida tijorat maqsadida suvdan noqonuniy foydalanib, “Buxoro suv taʼminot” MCHJ Buxoro shahar filialiga jami 3,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.
Mansabdor shaxslariga nisbatan joriy yilning 18-aprelida Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olindi.
Izoh (0)