Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi yo‘l qurilishi sohasida davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) loyihalarida ishtirok etish niyatida. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 14-sentabr kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi vakillari bilan uchrashgan. Uchrashuvda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik masalalari atroflicha muhokama etilgan.
Xususan, turk kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgan.
Xorijiy kompaniya vakillariga O‘zbekistonda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida DXSH asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘llarning qurilishi haqida 2018-yilda xabar berilgandi. O‘shanda bu kabi yo‘llarning birinchisini qurish bilan Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi shug‘ullanishi mumkinligi aytilgandi. 2019-yilda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlanayotganini ma’lum qilgandi.
2022-yil oktabrda Toshkent—Andijon va Toshkent—Samarqand pulli avtomobil yo‘llari 2026-yilgacha qurib bitkazilishi aytilgan edi.
Izoh (0)