Rossiya qo‘shni davlatlar fuqarolarini va Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun jalb qilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi hisobotida keltirildi.
2023-yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Rossiya qo‘shni davlatlar fuqarolarini Ukrainadagi jangovar harakatlarga yollash to‘g‘risida e’lonlar bilan murojaat qilgan.
Jumladan, Armaniston va Qozog‘istonda internetda urushga yollanish bo‘yicha reklama joylashtirilib, unda fuqarolarga dastlabki to‘lov sifatida 5140 dollar va 1973 dollardan maosh berilishi yozilgan. Rossiya Qozog‘istonning shimolidagi Kostanay viloyatidagi etnik ruslarga ham murojaat qilgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, may oyidan beri Rossiya Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarni urushga jalb qilishga urinayotgani keltirilgan. Ularga tezlashtirilgan tarzda Rossiya fuqaroligini olish va 4160 dollar va undan ortiq maosh va’da qilingan.
Britaniya razvedkasi Donetsk viloyatining vaqtincha bosib olingan Mariupol shahrida rus harbiylari o‘zbek muhojirlarining pasportlarini olib qo‘ygani, oqibatda ular Rossiya Qurolli kuchlari safiga qo‘shilishga majbur bo‘lganini yozgan.
Rossiyada Markaziy Osiyodan olti millionga yaqin muhojir istiqomat qiladi, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml ularni potensial yollanganlar deb biladi.
Shu yo‘l bilan Rossiya 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan keyingi ichki safarbarlikdan qochishga harakat qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, chet elliklarning bunday “ekspluatatsiyasi” frontda katta yo‘qotishlarga qaramay, rus armiyasi uchun qo‘shimcha resurs beradi.
Izoh (0)