Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov respublikaning 20-30 yillik kelajagini oldindan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega ekanini aytdi. Bu haqda u “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida gapirdi.
“Maqtanish emas-u, lekin men 20-30 yildan keyin mamlakatda nimalar bo‘lishini, u qanday rivojlanishini oldindan ko‘ra olaman. Odatda prognozlarim to‘g‘ri chiqadi. Balki bu xislat menga yuqoridan berilgandir. Aniqrog‘i bu qobiliyat hammaga berilgan”, — dedi Qirg‘iziston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “shunchaki, hozir nimalar bo‘layotganini kuzatib, kelajak haqida xulosa chiqarish mumkin”.
“Maqsadlarimizga albatta erishamiz. Buning uchun har birimiz kecha-yu kunduz uzluksiz ishlashimiz kerak”, — qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Avvalroq Qirg‘izistonda ko‘pkari finalidan so‘ng ommaviy tartibsizlik yuzaga kelgani, Sadir Japarov ham voqea joyida bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)