Shimoliy Koreya xalq armiyasi Janubiy Koreyadagi qo‘mondonlik punktlari va aerodromlarga taktik yadro zarbasini berish bo‘yicha taqlidiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy telegraf agenetligi (KCNA).
Bu AQSH va Janubiy Koreyaning B-1B strategik bombardimonchi va qiruvchi samolyotlari eskadroni ishtirokidagi mashg‘ulotlariga javob bo‘ldi. Pxenyanning fikricha, ikki davlat mashg‘ulotlarining maqsadi — KXDRga profilaktik yadroviy zarba berishga tayyorgarlik ko‘rish.
Shimoliy Koreya harbiylari shimoli-sharqiy yo‘nalishda ikkita taktik ballistik raketani uchirgan, ular nishondan 400 metr balandlikda havoda portlagan.
Janubiy Koreya va AQSH 21-avgustdan beri Ulchi Freedom Shield mashqlarini o‘tkazmoqda, ular 31-avgustda yakunlanishi kerak.
Bundan oldin Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirgandi, deb xabar berdi Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari. Harbiylarga ko‘ra, har bir raketa taxminan 360 kilometr masofani bosib o‘tgan, shundan so‘ng dengizga qulagan. Janubiy Koreya parvozlarni “jiddiy provokatsiya” deb atadi.
2022-yilda KXDR yadro qonunini qabul qildi, unga ko‘ra, respublikaning strategik obyektlariga hujum xavfi tug‘ilganda davlat dushmanga avtomatik ravishda yadro zarbasi berishi mumkin.
Izoh (0)