Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya xalq armiyasi Harbiy-dengiz floti kemasida dengizdan uchiriladigan strategik qanotli raketa bilan o‘tkazilgan mashqlarni ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy telegraf axborot agentligi.
“Kemaning jangovar vazifalari va raketalarning xususiyatlari qayta tasdiqdan o‘tkazildi. Jangovar sharoitlarda hujum topshiriqlarini bajarishda ekipajlarning jangovar mahoratini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarida nishonga zarracha og‘ishmay, tez va aniq zarba berildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kemaning doimiy jangovar shayligi va hujum qobiliyati “a’lo darajada” deb baholangan.
Avgust oyi o‘rtalarida Kim Chen In taktik raketalar va ularni uchirish moslamalarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishni buyurgan edi.
Shimoliy Koreya rahbari “mamlakat armiyasining harbiy tayyorgarligini tezlashtirish” uchun masʼul bo‘lgan taktik raketa zavodiga tashrif buyurgan va ularni ishlab chiqarishni ko‘paytirish haqida topshiriq bergan. Bundan tashqari, u taktik raketalar uchun uchirgichlar ishlab chiqaradigan zavodlarga, jangovar zirhli mashinalar va raketa artilleriya tizimlari ishlab chiqaradigan korxonalarga borib, ularga ham ishlab chiqarish hajmini oshirishni buyurgan.
Izoh (0)