O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirish borasidagi ishlar qonun bilan mustahkamlanadi.
Xususan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muhim qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, xalq deputatlari mahalliy kengashlari yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishincha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib boradi.
Natijada viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotidan kelib chiqib, xalq deputatlari kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ham fuqarolar yig‘inlari tomonidan tegishincha aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sog‘liqni saqlashning holati hamda fuqarolar sog‘lig‘iga taʼsir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi axborotini eshitishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.
Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun, senatorlarning taʼkidlashicha, sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati to‘g‘risida aholining xabardorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)