“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mamlakatning eng yirik ish beruvchisi hisoblanadi — uning tarkibida 77 mingdan ortiq ishchi mehnat qiladi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi ma’lumot berdi.
Agentlik O‘zbekistonda 2023-yil 1-yarim yillikdagi eng yirik ish beruvchi korxonalar nomini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan keyingi o‘rinda Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati ketmoqda — 46 654 ishchi.
Shuningdek, eng yirik ish beruvchilar qatoridan quyidagi kompaniyalar ham o‘rin olgan:
- “O‘zbekneftegaz” — 34 491;
- Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati — 33 837;
- “O‘zavtosanoat” — 30 260.
“Hududiy elektr tarmoqlari” (25 841), “O‘zkimyosanoat” (22 720), “O‘zbektelekom” (17 017), “Hududgazta’minot” (16 386), “O‘zmetkombinat” (11 548) korxonalari ham yuqori o‘ntalikdan joy olgan.
Avvalroq O‘zbekistonda bir kunda — 21-avgust kuni mingdan ziyod fuqaro ishga joylashtirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shu kunning o‘zida respublika bo‘yicha 8 542 nafar fuqaro bilan ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomalari imzolangan.
Izoh (0)