Britaniya transatlantik qul savdosi uchun Karib dengizi mamlakatlariga 24 trillion dollar miqdorida tovon puli to‘lashi kerak. Bunday fikrni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudi sudyasi Patrik Robinson bildirdi.
“Ular (Buyuk Britaniya) g‘ayriinsoniylikni ifodalovchi eng dahshatli vahshiylikni e’tiborsiz qoldirishda davom eta olmaydi. Tovon puli boshqa jinoyatlar uchun to‘langan va insoniyat tarixidagi eng dahshatli vahshiylik — transatlantik qul savdosi uchun tovon puli to‘lash ham tezroq amalga oshirilishi kerak”, — deydi u.
“Britaniya Qirolligi o‘z vaqtida sodir etilgan jinoyat — qul savdosi uchun tovon puli to‘lanishiga qarshi chiqa olmasligiga ishonaman. Tarix va qonun buni talab qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Robinson.
Avvalroq asli Yamaykada tug‘ilgan Robinson Amerikaning Brattle Group konsalting kompaniyasining G‘arb davlatlari transatlantik qul savdosi uchun tovon to‘lashi zarurligi haqidagi hisobotni tayyorlashida ishtirok etgan edi.
Iyun oyida chop etilgan tadqiqotda aytilishicha, odamlari qul sifatida sotib yuborilgan 30 dan ortiq davlat tovon puliga da’vogar bo‘la oladi. Hisobotga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning o‘zi tovon puli sifatida 24 trillion dollar to‘lashi, shundan 9,6 trillion dollari Yamaykaga yo‘naltirilishi kerak.
Izoh (0)