O‘zbekiston va Hindiston Namangan viloyatida sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish istiqbollarini o‘rganmoqda, deb xabar berdi “Dunyo” AA.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Okibjon Inomov va EI Company kompaniyasi (Hindiston) rahbari Mitesh Verma o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida Chortoq tumanida o‘zaro hamkorlikda sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar yangi qo‘shma sog‘lomlashtirish maskanini barpo etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Uni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, eng so‘nggi bilim va texnologiyalarni joriy qilish, mutaxassislar malakasini tizimli tarzda oshirib borish bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Hindiston kompaniyasi tomonidan mazkur loyihani hayotga tatbiq etish doirasida 5 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)