O‘zbekiston elchixonasi vakillari Hindistondagi Sarvodaya Healthcare ko‘p tarmoqli shifoxonasining Onkologiya instituti direktori Dinesh Pendxarkar bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.
Qayd etilishicha, Onkologiya instituti direktori o‘zbekistonlik shifokorlar bilan ko‘p yillik yaqin hamkorlikni yanada rivojdantirish, hududlarda onkologiya yo‘nalishidagi masalalarga yechim topishga ko‘mak berish, shuningdek, mamlakatda tibbiyot sohasidagi islohotlarga hissa qo‘shish maqsadida ekanini bildirgan.
Tomonlar O‘zbekiston shifokorlari uchun Sarvodaya Healthcare shifoxonasining Onkologiya instituti negizida malaka oshirish kurslarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilgan. Dastlabki bosqichda Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari onkolog mutaxassislarini bir oy muddatga Hindistonga taklif etish imkoniyatlari o‘rganilgan.
Mazkur amaliyot muntazamlik asosida davom ettirilib, har oyda 8-10 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini institutda hindistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishi, sohadagi so‘nggi ilmiy yutuqlar bilan yaqindan tanishishi uchun sharoit yaratilishi yuzasidan kelishuvga erishilgan.
2023-yil yanvar oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 113 ming nafar bemor onkologik kasallik bilan ro‘yxatda turibdi. Sog‘liqni saqlash vazirining qayd etishicha, bu kasallikka qarshi kurashish uchun Xorazm viloyatida onkologiya dispanseri tashkil etilgan.
Izoh (0)