Budapesht shahrida Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonida faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘smoqda. Joriy yilning 1-iyulidan boshlab Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Qo‘shma korxonalar soni 2,5 mingdan oshdi. O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining ustuvor tarmoqlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalarini olqishladi.
Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan, qo‘shma Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining joriy yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangan sammitlariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)