Xitoyda o‘n yoshli bola uydan qochib ketib, politsiya bo‘limiga bordi. Bolakay politsiya xodimlaridan uni mehribonlik uyiga yuborishlarini iltimos qilgan. Bunga bolakayning onasi bilan janjallashib qolgani, uy vazifasini bajarmagani uchun tanbeh eshitgani sabab bo‘lgan.
Bu haqda Xitoy ommaviy axborot vositalari ma’lum qilgan. Politsiya bo‘limidagi videokuzatuv kameralaridagi yozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
“Onam har kuni uyga vazifamni bajarmaganim uchun menga tanbeh berardi va men uydan chiqib ketardim. U meni har kuni o‘qishga majbur qiladi. Men bolalar uyiga borishni afzal ko‘raman”, — degan bolakay politsiya xodimiga.
Politsiya xodimlari bolani tinchlantirishga va ota-onasi bilan aloqa qilish uchun ma’lumotlarini berishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Bolakayning onasi u bilan janjallashib qolganini tasdiqlagan, biroq “o‘g‘li shu sababli uydan qochib ketishini hech o‘ylamaganini” aytgan.
Shundan so‘ng politsiya xodimlari bolakayni otasi bilan uyiga jo‘natgan. Kuzatuv kameralari videolari Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zi foydalanuvchilar bolakayning “quloqsiz” ekanini va dangasa ekani haqida yozgan. Boshqalar esa bechora bolakayni uyiga qaytara olgan politsiyachiga qoyil qolgan.
Izoh (0)