Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev rahbarligida viloyatdagi mavjud 22 ta tuman va shahar hokimlari va ish beruvchilar ishtirokida xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mazkur tadbirda ishtirok etgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Onlayn muloqotda barcha tuman va shahar hokimlari so‘z olib, hududidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlumot bergan va xorijda ishlayotgan o‘zbek migrantlarini ishga taklif qildi.
Bugun chet davlatlarda viloyatimizning 139 ming nafar fuqarolari, shundan 75,3 ming nafar erkak va 63,7 ming nafar ayol mehnat qilmoqda. Jami migrantlarning 21 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan fuqarolarimiz bilan sektor rahbarlari bog‘lanib, mavjud vakant va yangi ish joylarini taklif qildi. Telefon va onlayn tarzida o‘tkazilgan muloqotlarda ishtirok etgan 2 784 nafar fuqarolarimizdan 444 nafari Vatanga qaytish istagini bildirdi, — deydi tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Zoir Mirzayev.
Qayd etilishicha, ayni kunda viloyatda 7 081 ta sanoat korxonasi, 38 049 ta kichik va o‘rta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadi. Ulardagi mavjud ish o‘rinlari soni 302 013 tani tashkil etadi.
Eʼtiborlisi, hozirgi kunda mazkur subyektlarda 42 569 ta bo‘sh ish joyi mavjud. Ularning 20 124 tasi oliy maʼlumot talab qilinmaydigan, 3 295 tasi malaka talab qilinmaydigan ish o‘rinlaridir. Bundan tashqari, hurmatli prezidentimiz tomonlaridan yaratib berilgan sharoitlar tufayli yil boshidan 22 ta korxona yangidan ochilib, 7 ming 700 ta yangi ish joylari yaratildi. Prezidentimiz qarori bilan viloyatdagi jami 16,6 ming gektar unumdor yer maydonlari fermer xo‘jaliklaridan qaytarilib, 7 458 gektari 10 yillik, 9 088 gektari 30 yillik muddatga 10 sotixdan 1 gektargacha dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun aholiga berilmoqda, — deydi viloyat hokimi.
Olmaliq shahri hokimi Qobil Hamdamovning maʼlumot berishicha, 2023-yilning 1-yanvaridan 1-iyuliga qadar 968 nafar olmaliqlik migrant shaharga qaytgan bo‘lib, 755 nafari ishga joylashgan. Qolgan 213 nafar fuqarolarga ham ish bo‘yicha takliflar berilgan.
Olmaliq shahrida vataniga qaytgan ayollar uchun 2 million so‘mdan 7 million so‘mgacha maoshi bo‘lgan ishlar, erkaklar uchun esa 3 million so‘mdan 15 million so‘mgacha maoshli ishlar taklif qilinmoqda, — deydi Olmaliq shahri hokimi.
Qobil Hamdamovning qo‘shimcha qilishicha, ayni kunda Olmaliqda 7 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Yil yakunigacha yana 5 minggacha ish o‘rni yaratiladi.
Angren shahri hokimi Alisher Rayimovning tadbirda taʼkidlashicha, bugungi kunda shaharda 2 mingta bo‘sh ish o‘rni bor.
Bugungi kunda 5600 nafarga yaqin angrenlik Rossiyada mehnat qilib kelmoqda. Shu kungacha 1700 nafardan ortiq fuqarolarimiz ortga qaytdi. Qaytganlarning 70-80 foizi doimiy ish bilan taʼminlandi. Oddiy ishchilarga 2 million so‘mdan 8 million so‘mgacha maosh taklif qilyapmiz, — deydi Angren shahri hokimi.