Rossiyada 1-sentabrdan maktab o‘quvchilari dronlardan jangovar foydalanish asoslarini o‘rganishni boshlaydi. Mashg‘ulotlar dastlabki harbiy tayyorgarlik kursi doirasida o‘tkaziladi. Bu haqda Federatsiya kengashi huzuridagi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kengashi raisi o‘rinbosari Artyom Sheykin “RIA Novosti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sheykinning so‘zlariga ko‘ra, tegishli taklif “Federatsiya kengashi huzuridagi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha kengash bo‘limida ishlab chiqilgan va Rossiya mudofaa vaziriga yuborilgan”.
“Taklif ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi, jumladan, Ta’lim vazirligi tomonidan ham”, — dedi u.
Senator “RIA Novosti”ga ko‘rsatgan Rossiya Mudofaa vazirligining javobida aytilishicha, dastur “dron turlari, maqsadi, ishlash xususiyatlari va umumiy tuzilishini o‘rganish, hududni razvedka qilish va dushman dronlariga qarshi kurashish usullarini” o‘z ichiga oladi.
Rossiya Ta’lim vazirligi dasturni tasdiqlagan
“Dastur Rossiya Ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va joriy yilning sentabr oyidan boshlab ‘Avangard’ yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ta’lim tashkilotlari va o‘quv-metodik markazlarida joriy etilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi hujjatda.
Aprel oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin maktablarda dronlarni boshqarish kurslarini joriy etishga chaqirgandi. Iyun oyi boshida “Vajniye istorii” nashri Rossiya maktablari bolalarga dronlarni qanday boshqarishni o‘rgatish uchun o‘quv dronlari va boshqa jihozlarni xarid qila boshlagani haqida yozdi. Davlat xaridlari veb-saytidan nashr Sankt-Peterburg, Kaliningrad, Yoqutiston va Saxalinsk maktablaridan bunday jihozlarni sotib olish uchun arizalar topshirilganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)