Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning Krasnogvardeyskiy tumaniga Ukraina dronlarining hujumi oqibatida o‘q-dorilar omborida portlash sodir bo‘ldi, dedi yarimorol rahbari Sergey Aksyenov.
“Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q. Aholini favqulodda vaziyat joyidan vaqtinchalik evakuatsiya markazlariga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xatarlarni minimallashtirish uchun Qrim temiryo‘lida harakatni to‘xtatishga ham qaror qilindi”, — deb yozdi Aksyenov.
Avvalroq Rossiya va Ukraina Telegram-kanallarida hujum oqibatlari aks etgan videolar paydo bo‘la boshlagandi. Telekanallarning yozishicha, dronlar Oktabrskiy posyolkasi yaqinidagi aerodrom va neft omboriga hujum qilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalari o‘q-dorilar omboriga zarba berilgani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 19-iyulga o‘tar kechasi Qrimning Kirovskiy tumanidagi poligonda yong‘in sodir bo‘lgandi, shu sababli mahalliy hokimiyat bir necha aholi punktlarini evakuatsiya qildi. Mash Telegram-kanali xabariga ko‘ra, yong‘in o‘q-dorilar omborida boshlangan. Mahalliy aholiga poligondan besh kilometr radiusda portlash ovozi eshitilib turgan.
Izoh (0)