“Tolibon” tashqi ishlar vaziri Amirxon Mutaqqiy Afg‘oniston mintaqa hukumatlarga qaraganda ancha inklyuziv ekanini aytdi. Bu haqda u ishbilarmonlar va investorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Mutaqqiy “Tolibon” harakatidan inklyuziv hukumat o‘rnatishni so‘raganlarga shu tariqa javob berdi. Mahalliy nashrlar vazirning javobi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullohianga qaratilgan bo‘lib, u bir necha bor Afg‘onistonda inklyuziv hukumat o‘rnatishga chaqirganini aytmoqda.
Shuningdek, Mutaqqiy Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo hamda aloqa uchun eng yaqin va yaxshi yo‘l ekanini ta’kidladi.
“Tolibon” tashqi ishlar vaziri Afg‘onistonning o‘tgan yili eksporti 1 milliard 900 million dollarga yetgani, bu mamlakat savdo tarixida misli ko‘rilmagani, Afg‘onistonning iqtisodiy ahvoli ham yaxshi ekanini qo‘shimcha qildi.
Vaholanki mazkur bayonot Butunjahon gumanitar tashkiloti ma’lumotlariga zid kelmoqda. Tashkilot yaqinda 28,8 million odam omon qolish uchun insonparvarlik yordamiga muhtojligini, Afg‘onistondagi 3 milliondan ortiq bolalar hamda 80 ming homilador va emizikli ayollar ozuqaga muhtojligini aytgandi.
“Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazoratni tiklaganiga qariyb ikki yil o‘tdi va hozircha hech bir davlat bu harakat rejimini tan olmagan. Inson huquqlari, xususan, ayollar huquqlarini ta’minlash, inklyuziv hukumatni barpo etish “Tolibon”ni tan olishning global shartlaridandir. Biroq “Tolibon” ularning hukumati inklyuziv ekanini ta’kidlab keladi.
Izoh (0)