O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Mozori Sharifga tashrifi chog‘ida Balx viloyati hokimi Muhammad Yusuf Vafo bilan uchrashdi. Bu haqda “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri xabar berdi.
Balx hokimligi matbuot xizmati xabarnomasida aytilishicha, uchrashuvda Ismatulla Ergashev va Muhammad Yusuf Vafo ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport va tranzit muammolarini hal etish masalalarini muhokama qilgan.
Ergashev o‘zbekistonlik rasmiylar savdo va transport sohasidagi muammolarni hal qilish uchun “Tolibon” hukumati bilan uchrashmoqchiligini aytgan.
O‘z navbatida Balx hokimi “Tolibon” yetakchisining buyrug‘i asosida qo‘shni davlatlar bilan savdo muammolarini hal qilish uchun qo‘mita tuzilganini ma’lum qilgan va O‘zbekistondan Afg‘oniston fuqarolariga viza berishni osonlashtirishni so‘ragan.
Avvalroq “Tolibon” harakatining Chegara va qabila ishlari vazirligi O‘zbekiston chegarachilari bilan uchrashgan edi.
“Tolibon” rasmiylari o‘zbek hamkasblari bilan chegara hududlari aholisi duch kelayotgan muammolarni muhokama qilgan. Ayni vaqtda Afg‘onistonning amaldagi rasmiy vakillari terrorchi guruhlarning O‘zbekistonga qarshi Afg‘oniston tuprog‘idan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
Izoh (0)