26-iyun kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqqa murojaat qilib, “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin tomonidan uyushtirilgan qurolli isyonga izoh berdi.
Murojaat chog‘ida Putin “Vagner” yollanma askarlaridan qora niyatda foydalanishga urinishganini aytdi. Rossiya prezidenti “vagnerchi”larga Rossiya Mudofaa vazirligi yoki boshqa huquq-tartibot idoralari bilan shartnoma imzolashni, o‘z oilalariga qaytishni yoki Belarusga ketishni taklif qildi.
“Kim xohlasa, Belarusga ketishi mumkin. Men bergan va’da amalga oshadi. Takror aytaman, tanlov sizniki, ammo bu o‘z fojiali xatosini tushungan rossiyalik askarlarning tanlovi bo‘lishiga ishonaman”, — dedi Putin.
Murojaat chog‘ida Rossiya prezidenti isyon tashkilotchilari o‘z vataniga, xalqiga va “jinoyatga jalb etilganlar”ga xiyonat qilganini ta’kidladi, ammo tashkilotchilar, xususan Prigojinning ismini tilga olmadi.
“Qurolli isyon har qanaqasiga bostirilgan bo‘lardi. Qo‘zg‘olon tashkilotchilari, adekvatligini yo‘qotgan bo‘lsa ham, buni tushunib yetmadi”, — dedi Putin.
Prezident nutqi davomida Rossiya harbiylari, huquq-tartibot va maxsus xizmatlariga minnatdorlik bildirdi. Murojaatda Putin isyon paytida halok bo‘lgan Mudofaa vazirligi uchuvchilarini alohida tilga oldi.
“Qurbon bo‘lgan qahramon uchuvchilarning jasorati va fidoyiligi Rossiyani fojiali oqibatlardan qutqardi”, — dedi Putin.
Rossiya prezidentining murojaati besh daqiqadan sal ko‘proq davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘z yollanma askarlari ishtirokida Moskvada “adolat marshi” o‘tkazishini e’lon qildi. Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, marshning maqsadi — boshqa ko‘ngilli tuzilmalar singari Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish taklif qilingan “Vagner” guruhi parchalanishining oldini olish edi.
24-iyun kuni kechqurun Prigojin Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan so‘ng yollanma askarlar “reja bo‘yicha dala lagerlariga qaytishini” aytdi. Federal xavfsizlik xizmati Prigojinga qarshi qurolli isyon bo‘yicha ish ochdi, ushbu modda 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.
Izoh (0)