O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda ta’limni rivojlantirishga oid rejalar haqida to‘xtaldi.
“400 ta yangi bog‘cha tashkil etish hisobiga, viloyatda maktabgacha ta’limga ehtiyoj to‘liq – 100 foizga qoplanadi. 2030-yilga qadar, yangi maktablar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 75 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Natijada, birorta tumanda 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflari qolmaydi. Bunda, barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinfi, interaktiv doska va o‘quv laboratoriyasi bilan jihozlanadi”, — dedi nomzod.
Shuningdek, barcha bog‘cha va maktablarda o‘g‘il-qizlar uchun filtrlangan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Bundan tashqari, nomzod kyelgusi yetti yilda Jizzaxda 85 ta tibbiyot muassasasi qurilishi va ta’mirlanishini ta’kidladi.
“Xususan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiallari ishga tushiriladi. G‘allaorol va Paxtakorda tumanlararo perinatal markazlar ochiladi.
Bundan tashqari, viloyatda bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga, har yili 500 nafardan ziyod yurak nuqsoni bor bolalarda murakkab operasiyalar o‘tkaziladi”, – dedi nomzod.
Izoh (0)