Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga keldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_11-31-05.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Xo‘jandda Abdurazzoqovning Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki qo‘shni viloyat o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, turizm va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_11-31-14.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Namangan viloyati delegatsiyasi Xo‘jand davlat teatrida o‘tkazilgan “Savdo va investitsiya imkoniyatlari — hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi. Ushbu forumda Shavkat Abdurazzoqov ham so‘zga chiqdi.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_11-39-34.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Uning qayd etishicha, viloyatda Tojikiston bilan hamkorlikda 10 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi esa 7 million dollardan ortiqni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 30 barobarga oshgan.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_11-31-16.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Shavkat Abdurazzaqov tojikistonlik tadbirkorlarni 1 200 gektar maydonda tashkil etilayotgan Yangi Namangan shaharchasi, viloyatdagi 2 ta erkin iqtisodiy va 73 ta kichik sanoat zonalarida biznes loyihalarini amalga oshirishga chaqirdi.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_11-39-36.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Namangan viloyati delegatsiyasi anʼanaviy “Sug‘d — 2023” xalqaro savdo yarmarkasida ham bo‘lib, bu yerda mahalliy korxonalar, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va milliy hunarmandlik namunalari bilan tanishdi. O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazildi.
![](/static/Otabek/photo_2023-06-23_16-04-39.jpg)
Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Izoh (0)