O‘zbekistonda 19-iyunda imzolangan “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati tubdan takomillashtiriladi.
Shu maqsadda:
- ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini ko‘rsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etiladi;
- birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlari integratsiya qilinadi;
- ruhiy holati buzilgan shaxslar dori vositalari bilan ehtiyojga ko‘ra to‘liq ta’minlanadi;
- aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir yoshlarning ruhiy salomatligi mustahkamlanadi.
Ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ruhiy holati buzilgan shaxslarni imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlashga 2023-yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratiladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-iyuldan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantiriladi.
Markaz ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi. Shuningdek, ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Hududlardagi ruhiy va narkologik kasalliklar shifoxonalari va dispanserlari Markazning hududiy tashkiliy-metodik bo‘linmalari hisoblanadi.
2023/2024-o‘quv yilidan “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
Izoh (0)