Qalbi toza, aqlli, buyuk g‘oyalarni miyasida pishitib yurgan, ammo yo‘qsillikda, och, alamzada holda insoniyligini yo‘qotib borayotgan Raskolnikovning kechinmalarini ayni talaba paytim, och, ijaraxonada isitma bilan olishib yotganimda o‘qiganim uchun asar menda chuqur taassurot qoldirgan. Avval yarimiga qadar varaqlab, hech baloni tushunmay tashlab qo‘ygan “Jinoyat va jazo”ni o‘sha paytda yaxshiroq anglaganman. Atrofdagilarning tor dunyoqarashidan ijirg‘angan, muttasil fikr sayozligi xususida kuyinib gapirib kelgan, o‘zini saviyasiz jamiyatdan baland qo‘yib, oqibatda ular qilajak ishdan-da past jinoyatga qo‘l urgan Raskolnikovning ruhiy to‘kilishini his qilganman.
Asar haqida qisqacha
Zabardast rus yozuvchisi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani 1866-yilda yozilgan. Ammo inson kechinmalarining eski va yangisi bo‘lmaganidek, oradan ikki asr o‘tsa-da, roman qadri, undagi ruhiy ziddiyatlar, og‘riqlar eskirmagan.
Kitob o‘zbek tilida ilk bor 1977-yil, taniqli adabiyotshunos, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov tarjimasida nashrdan chiqqan. Qariyb 40 yildan keyin asar 2015-yilda qayta nashr etildi.
Ushbu romanda qahramonlarning ichki kechinmalari, obrazlarning ruhiy holatlari, siyratini aks ettirishdagi o‘ziga xosliklar, ularning ijtimoiy hamda ruhiy holat talqinlari, o‘zaro qarama-qarshi xarakterlar tasviri bilan birga psixologik, falsafiy muammolar sintezlangan.
Chirkin reallikni badiiy talqin etish orqali mahoratli ijodkor asarining mohiyati va ko‘lamdorligi bilan davr atmosferasini yuqori darajada akslantirib bergan – tom ma’noda inson ruhiyatidagi to‘qnashuvlar, qonli kechinmalarni avra-astarini chiqarib tasvirlagan.
Dostoyevskiy odamzodga berilgan tugal aql, durust farosat hamda yaxshi xulq unda yovuzlik yo‘qligining belgisi emasligini ko‘rsatib bergan. Sohir tuyg‘ular, fikr quvvati, ong iztirobi hamda uning mo‘rtligi, iroda darajasi – asar mazmuni shular atrofida quriladi. Kitobni o‘qish jarayonida hissiy zo‘riqish va hayajonlanish boshidan oxirigacha sizni ta’qib etadi.
Syujet
“Jinoyat va jazo” romani olti qism va epilogdan tashkil topgan. Asar voqealari ijarada yashovchi talaba Raskolnikovning qarzdorligi sabab hujrasidan yashirincha chiqishga urinishi tasviri bilan boshlanadi. Voqealar iyulning boshlarida yuz berayotgani ta’kidlanadi. Yana bu voqealar ro‘y berayotgan joy nomi S – ko‘chasi, K – ko‘prigi deya mavhum ko‘rsatiladi.
Harflar orqali obyekt va subyektni bu tarzda nomlash esa bevosita F.Kafkaning “Jarayon” romani sujetini yodga soladi. Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” romanida ham bu belgilar bor.
Jamiyat ertasi uchun qayg‘uradigan, jiddiy maqsadlarni oldiga qo‘ygan talaba Raskolnikov sudxo‘r kampir Alyona Ivanovnani o‘ldirish fikriga tushadi. Tug‘ishgan singlisiga ham odamday muomala qilmaydigan kampirning o‘zidan boshqaga ravo ko‘rmay bosib qo‘ygan pullari foydali ishlar uchun sarflanishi mumkin edi. Ochlikdan o‘lolmay yotgan o‘zi, o‘zi kabi boshqa talabalar, o‘gay onasi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz, kambag‘alligi tufayli kuyov tomonidan yerga urib olinayotgan singlisi va ayniqsa ishdan haydalgan amaldor Marmeladov bilan suhbat bu niyatini qat’iylashtiradi. Marmeladov xastaligi va piyonistaligi sabab uyga qup-quruq cho‘ntak bilan qaytavergach, xotini Katerina Ivanovna alam ustida birinchi nikohidan bo‘lgan qizi Sonyani pul topish uchun ishratxonaga yuborganini hasrat bilan aytadi.
Bu vaqtda Raskolnikov onasidan xat oladi. Xatda singlisi Dunyaga Lujin degan yoqimsiz nusxadan sovchi kelgani, unga kelinning qashshoqligi muhim emasligi, aksincha ularga pul berib turishi haqida aytganini, ona esa Lujin o‘g‘liga universitetni tugatishda moliyaviy yordam beradi deb umid qilayotganini batafsil yozadi. Sonya va Dunya yaqinlari uchun o‘zlarini qurbon qilayotgani xususida tag‘in mulohaza yuritishga majbur bo‘lgan Raskolnikov bir to‘xtamga keladi: kampirni o‘ldirish, pullarini esa hozirgi tang ahvoldan chiqish uchun sarflash lozim — tamom!
Raskolnikov kampirni o‘ldiradi, biroq kutilmaganda uyga qaytib kelgan mehribon, muloyim singlisi Lizavetani ham bolta bilan chopib umriga zomin bo‘ladi. O‘g‘irlagan narsalarini qo‘rquv ichida allaqayerga yashiradi va qaytib ulardan foydalanmaydi. Chunki endi uning fitratini vijdon azobining cheksiz og‘rig‘i qoplab olgan, bu paytda har qanday yaltiroq buyum-u jimjimador so‘zlar o‘z qiymatini yo‘qotgandi…
Ko‘p o‘tmay Raskolnikov jamiyat bilan aloqani uzadi. U universitetidagi eng yaqin do‘sti Razumixinni kamsitib, uni yolg‘iz qoldirishini so‘raydi. Bu vaqtda kampirni o‘ldirganlikda gumon qilinib, to‘pori qishloq yigiti Mikolka hibsga olinganini aniqlaydi. Jinoyat haqidagi suhbatlarda o‘zini ko‘p bora yo‘qotib qo‘yavergach, uning o‘zi ham boshqalarda shubha uyg‘ota boshlaydi.
Chuqur iztirobda qovurilayotgan Raskolnikov oldiga singlisiga uylanmoqchi bo‘lgan Lujin keladi. Ularning suhbati janjalga aylanib, aloqalarni uzilishi bilan tugaydi.
Peterburg atrofida daydib yurgan Raskolnikov qilgan mudhish ishidan azob chekadi va ko‘chada arava bosib ketgan Marmeladovni ko‘rib qoladi. Ham achinganidan, ham hushi o‘zida bo‘lmagani tufayli Raskolnikov oxirgi pulini Marmeladov oilasiga tashlab ketadi. Keksa piyonistaning uyida talaba Katerina Ivanovna va qizi Sonya bilan tanishadi. Ijara uyiga qaytganida, onasi va singlisi qishloqdan kelgan bo‘ladi. Telbanamo Raskolnikov yaqinlariga nisbatan iliqlikni his qilmaydi hamda ularga sovuq muomala qilib, uyidan chiqarib yuboradi. Kimga dardini to‘kib-solishni bilmagan bechora yigit o‘zi kabi yolg‘iz va “yo‘ldan chiqqan” Sonya bilan munosabat o‘rnatadi.
Kampir o‘limiga oid surishtiruv ishlari esa davom etaveradi. Raskolnikov kampirning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov olib borayotgan Porfiriy Petrovich bilan uchrashib, ba’zi narsalarda tortishayotib, Porfiriyda shubha uyg‘otib qo‘yadi. Porfiriyning esa aniq isboti bo‘lmagani uchun yigitning o‘zi iqror bo‘lib kelishini kutadi.
Qo‘llari gunohga botgan ikki odam – Raskolnikov va Sonya uzoq-uzoq suhbat quradi. Sonya hammasi iziga tushib ketishiga, bir kuni hayotida mo‘jiza sodir bo‘lishiga umid qilib, Rodionga Iso tomonidan Lazar tirilishi haqidagi Injil oyatlarini o‘qib beradi.
Fosh bo‘lish dahshati va aloq-chaloq tushda yurgani kabi yashashdan to‘yib ketgan Raskolnikov Porfiriyning oldiga keladi. Jinoyatchilarning psixologiyasi haqidagi mavhum suhbat oxir-oqibat yigitni asabiy tushkunlikka olib keladi va u o‘zini tergovchiga deyarli topshiradi. Lekin uni kampirni o‘ldirishda ayblangan bo‘yoqchi Mikolka kutilmaganda jinoyatni tan olgani saqlab qoladi.
Agar huquqiy jazo ko‘rilmasa, Rodion vijdon bergan jazodan o‘nglana olmasligini bilgach, Sonyaga kampir va Lizavetani o‘ldirganini aytib beradi. Qiz Rodionga aybni ixtiyoriy ravishda tan olish hamda mashaqqatli mehnat evaziga gunohlarini yuvishni taklif etadi. Uning qistovi bilan Raskolnikov odamlar oldida tavba qilib, aybini tan oladi va Sibirga badarg‘a qilinadi. Sonya esa qamoqxonaga yaqin joydan ijaraga uy olib, Raskolnikovdan xabar olib turadi. G‘amgin va befarq bo‘lib qolgan Raskolnikov Sonyaga bo‘lgan muhabbati tufayli qayta “tiriladi”.
Tahlil o‘rnida: “Hamma narsaning ikkita uchi bo‘ladi... Yoki bo‘lmaydi!”
Dastavval seni maishiy muammolar, pulsizlik, keti uzilmas ochlik, muttasil silla qurishi va shu kabi turli xil tashvishlar eza boshladi. Shunda ham ichingdagi g‘azab aralash oriyat kuchlilik qildi. Biroq endi sen qanchalar nomusli bo‘lma, ko‘chada o‘z kiyimlaringdan or qilmay qo‘yding: “... U shunchalar nochor kiyingan ediki, hatto uvada yengil boshiga o‘ranib, ko‘zi qotib ketgan odam ham kuppa-kunduz kuni bu ahvolda ko‘chaga chiqqani uyalgan bo‘lar edi...” [5-bet]
Sening hech narsaga, ayni vaqtda har narsaga muhtojliging asta-sekin ichingdagi odamni kemirishni boshladi. To‘g‘ri, juda yuraging siqilib ketganda, og‘ir ruhiy vaziyatingni biroz bo‘lsa-da unutish maqsadida eski tanish-bilishlaringni ko‘rgani, ular bilan hasratlashgani borarding. Taassufki, ichingdagi bo‘shliqni na dilkash suhbat va na qadrdon kishing to‘ldira olardi...
Keyinchalik bo‘shlig‘ingni to‘ldirgani ikkimiz ham bilgan “o‘sha narsa” suqila boshladi. Boshida onda-sonda, bir burda non ilinjida termulgan daydi mushukdek tanangni siypaladi, so‘ng... bu narsa xuruj qilib, zabtiga oldi. Xudo siylagan miyangda uni rejaga aylantirding, bora-bora bu narsa dasturiy ta’minot kasb eta boshladi, har qanday holatga ruhan shaylanding, aqlingni ishga solding va shu holda aqlning o‘zi kamlik qilishini ham payqading: “... Aqlli ish qilish uchun quruq aqlning o‘zi yetmaydi...”, “...Mantiq bilan hodisaning uch tomonini ko‘rish mumkin, inson tabiati esa millionlab ko‘rinishlarga ega!..”, “... Aql, axir, hirsga xizmat qiladi!” [358-, 392-, 429-betlar]
Sen o‘ldirding!
Sen kampirni yoki begunoh juvonni emas, avvalo o‘zingni o‘ldirding. Mana shu chayir qo‘llaring bilan o‘z boshingga bolta bilan solding. Men bilmayman, balki sen o‘zingni bir necha marta o‘ldirgandirsan bu ishing bilan...
Bilganim, pul uchun, tirikchilik uchun, yashab qolish uchun, olisdagi onang va singlingni ta’minlash uchun, umuman, moddiyat bahonasida qilmading buni: “Men o‘ldirganimda, pul uchun o‘ldirganim yo‘q, Sonya, pulning menga keragi yo‘q edi; pul emas, menga ko‘proq boshqa bir narsa kerak bo‘lgan shekilli... O‘shanda men bitmanmi yoki odammanmi, degan narsani tezroq bilgim kelgandi. Men chegaradan chiqa olamanmi, yo‘qmi? Men kampirni o‘ldiribmanmi? Men kampirni emas, o‘zimni o‘ldirdim!.. Kampirni iblis o‘ldirdi, men emasman... Bo‘ldi, bo‘ldi, Sonya, bo‘ldi!..” [647-648-betlar].
Umrida yolg‘on gapirmagan, firib berganlarni, muttahamlarni jini suymaydigan odam to‘xtovsiz ravishda aldasa, o‘zi yiroq yurgan toifa qatoriga bo‘yin egib qo‘shilsa, g‘alati bo‘larkan. Balki sen aytganday, aldoqchilik odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan yagona “tuhfa”dir. Aldasang – haqiqatga yetib borasan.
Kamiga shu chirkin holingdayam o‘zingni oqlashga urinishing, yo‘q, urinishmas, chiranishing, alaloqibat, o‘zing yaratgan haqiqatlar asosida oqlashing ham... Bilmadim. Balki rostdan aldoqchilik qilganing uchungina odam bo‘lgandirsan: “Oldindan o‘n to‘rt marotaba aldamasdan turib bironta haqiqatga yetib bormaganlar, balki bir yuz o‘n to‘rt marotaba aldangandirlar, bu esa o‘z navbatida, ancha faxrlansa arziydigan narsa; biz bo‘lsak, o‘z aqlimiz bilan aldashni ham bilmaymiz!” [beti yodimdan ko‘tarildi]
Nima bo‘ldi keyin? Yolg‘onchilikka o‘rganmaganliging sabab, bu narsa seni ko‘p toliqtirdi, ezdi, siqtadi. O‘zingni itdan battar yomon ko‘rib qolding. Shunda sen: “Berkitadigan narsasi bo‘lmagan kishilar o‘zlarini baxtli deb bilsalar arziydi!” –degan xulosaga kelding. Ochig‘i, ko‘p yomonladim seni, biroq vijdoning toza edi, shu sababdan ham katorgadan ham battar cheksiz azob tortding.
Tan olish, chindan mardlikdir. Biroq bu alfozda tan olish, razil ishga bosh suqmagan, umuman, sening qabih ishingga daxldor bo‘lmagan odam oldida dardingni dasturxon qilishing va ich-ichingdan buni tan olish uncha qiyin emasligidan, o‘zingni shu tang ahvolda ham vijdonli ekanligingdan zig‘ircha bo‘lsa-da quvonishing... To‘laqonli mardlik emas, menimcha.
Yana qanchalar aqlli bo‘lma, har qanday jinoyat sodir bo‘lgandan keyin o‘sha zahoti butunlay xususiy hodisaga aylanishi, bunda boshqalar nima derkan, deb o‘tirish ojizlikning birinchi belgisi ekanligini kechroq anglab yetding. O‘zingni xafakezik, qovog‘idan qor yog‘ayotgan beparvo kasdek ko‘rsatganing bilan ichingda har soniyada bitta-bitta teshik ochilib boraverdi, har qadaming, har qo‘l urgan ishing, har bir o‘ylagan xayoling, har aytgan so‘zingni xatodan olib xatoga urding, oqibat.
Xullas, buyog‘iga sening jazoying haqida gapirishga menda ham majol qolmadi. O‘zimning ham yuragim siqilib ketdi. Hech narsa boshidan boshlanmagani kabi, kel, shu narsani ham xulosa o‘rtasida to‘xtatamiz, baribir, hammaning o‘z haqiqatlari, o‘z yolg‘onlari bor.
Shuni so‘ngso‘z sifatida aytmoqchimanki, chindan hayotning butun sir-asrorlari ikki taboq hajmli kitobcha ichiga bemalol sig‘ib ketar ekan.
Xulosa
Adabiyot va san’atda atak-chechak qilishni boshlayotgan har bir ijodkorga doimo ilhom berib keluvchi bu yozuvchining birgina “Jinoyat va jazo” asari atrofida minglab bahs va munozaralar bo‘lgan. Bu kitobni mutolaa qilib bo‘lgan odam do‘ppisini chetga qo‘yib, yaxshilab o‘ylab ko‘rsa, “bolishdek” asarda deyarli voqeliklar yo‘qligini payqaydi. Raskolnikov sudxo‘r kampirni o‘ldirib, uning boyliklarini yashirib qo‘yadi va uni ishlata olmay odamlar oldida aybiga iqror bo‘ladi. Barcha hodisalar bitta xatboshiga bemalol sig‘adi. Lekin asardagi ruhiy zilzilalar, rutubatli xona va undagi soyasiz odamlar xarakteri, nafrat hamda muhabbatga to‘la nigohlar, umidsiz qulashlar shunday batafsil tasvirlanganki, istalgan bir bet o‘qilmay tashlab ketilsa, muvozanatsizlik muvozanatidan chiqib ketish mumkin.
Asardan iqtiboslar
Yolg‘on – butun organizmlar ichida yagona insongagina xos imtiyoz.
Berkitadigan narsasi bo‘lmagan kishilar o‘zlarini baxtli deb bilsalar arziydi.
... Bilasanmi, o‘shanda o‘zimga-o‘zim shunday derdim: boshqalar ahmoq ekan va men ularning ahmoqliklarini bilarkanman, nega endi o‘zim ham ahmoqgarchilik qilib, ulardan aqlliroq bo‘lishga harakat qilmayman? Keyin men hammaning aqlliroq bo‘lishini kutiladigan bo‘lsa juda uzoq kutish kerakligini bilib qoldim, Sonya... Keyin men hech qachon bunday bo‘lmasligini, odamlar qanday bo‘lsalar shunday qolishlarini, ularni o‘zgartiradigan odam yo‘qligini, bunga kuch-harakat sarflab ham o‘tirish foydasizligini bildim! Ha, shunday! Ularning qonunlari shunday... Qonun bu, Sonya! Shunday!.. Men kimda-kim qudratli, aql-irodada kuchli bo‘lsa, ularning ustilaridan hokim bo‘lishini endi bildim!
Qiziqarli faktlar
Rus yozuvchisining ushbu romani 1886-yilda Rossiyada chop etilgach, uning nomi tez orada butun Yevropaga tanildi. Ko‘hna qit’ada “Jinoyat va jazo”ni mutolaa qilishni istaganlar shu qadar ko‘payib ketdiki, ba’zilar asarning tarjima qilinishini ham kutmay, rus tilini o‘rganishga bel bog‘lashdi. Bugunga kelib “Jinoyat va jazo” 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan va qayta-qayta nashr etilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”sini 3 milliarddan ko‘proq odam sevib mutolaa qilgan. Qizig‘i, ko‘pgina qamoqxonalarda mahbuslar yonida “Jinoyat va jazo”ni olib yurishi aniqlangan.
Roman asosida dunyo bo‘yicha 25 dan ortiq film suratga olingan.
Izoh (0)